Pedagogika fanlari doktori, professor, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo`yicha prorektor, Xalqaro Nordik Universiteti
DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.15260676
Nordic_press journal: https://research.nordicuniversity.org/index.php/nordic/article/view/2378
BUGUNGI GLOBALLASHUV JARAYONIDA XORIJIY TILLARNI O‘QITISHDA HUKUMAT TOMONIDAN OLIB BORILAYOTGAN ISLOHOTLARNING MAZMUN VA MOHIYATI
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari, ustozlar va mehmonlar!
Bugungi globallashuv jarayonida biz insoniyat taraqqiyotining yangi bosqichida yashayapmiz. Dunyo tobora bir-biriga yaqinlashib, chegaralar ma'naviy va axborot jihatdan yo‘qolib bormoqda. Bu esa, ayniqsa, chet tillarni o‘rganish va o‘rgatish masalasini dolzarb qilib qo‘ymoqda. Avvalo, xorijiy tilni o‘rganish inson tafakkurini kengaytiradi. Yangi til o‘rganish orqali biz nafaqat yangi so‘zlar va grammatikani egallaymiz, balki o‘sha til sohibi bo‘lgan xalqning madaniyati, urf-odatlari va hayot tarzini ham bilib boramiz. Bu esa insonda bag‘rikenglik, ochiq fikrlilik va dunyoqarashning kengayishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, xorijiy til bilish bugungi mehnat bozorida katta ustunlik beradi. Ko‘plab kompaniyalar xorijiy tillarni biladigan xodimlarga ehtiyoj sezmoqda. Ayniqsa, ingliz, rus, nemis, koreys yoki xitoy tillarini bilgan yoshlar xalqaro tashkilotlar, elchixonalar va yirik korporatsiyalarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, xorijiy tilda erkin so‘zlashadigan odamlar uchun tarjimonlik, til o‘qituvchiligi, jurnalistika va turizm sohalari ham keng yo‘l ochadi. Yana bir muhim jihat shuki, xorijiy tilni bilgan odam ilm-fan, texnologiya va adabiyot sohalarida ham kengroq imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Ko‘plab ilmiy maqolalar va darsliklar xorijiy tillarda yoziladi. Tilni bilgan shaxs bu bilimlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoniga ega bo‘ladi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan so‘nggi yillarda chet tillarini o‘qitish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu qarorlar zamirida zamonaviy bilimlarga ega, raqobatbardosh, xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladigan yosh avlodni tarbiyalash maqsadi mujassam. Shuningdek, Har bir soha vakili yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun o‘z ona tilidan tashqari, dunyo tillaridan kamida ikki-uchtasini bilishi shart.
Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatishni ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ta’lim sifatini tubdan oshirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish hamda aholining xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida ingliz tili va boshqa xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirish, o‘qituvchilarni malakasini oshirish, yangi o‘quv dasturlarini joriy etish, xorijiy adabiyotlar va elektron resurslarga keng yo‘l ochish borasida muhim qarorlar qabul qilindi. Bu borada, 2021-yil 6-mayda qabul qilingan “Chet tillarini o‘rganishni ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ushbu sohada tub burilish yasadi. Qarorga binoan, chet tillari, ayniqsa ingliz tili ta’limining barcha bosqichlarida – maktabdan tortib, oliy ta'limgacha – o‘quv rejalari yangilanmoqda, zamonaviy metodlar joriy qilinmoqda, va eng asosiysi, ustozlar mehnati qadrlanmoqda. Ushbu qabul qilinayotgan qarorlar hamda olib borilayotgan islohotlar zamirida ta’lim sifatini oshirish va bunda ilg‘or tajribalardan samarali foydalanish maqsadida viloyat maktablariga bir qator xorijlik o‘qituvchilar jalb qilinmoqda. Toshkent shahri va viloyatlardagi umumta’lim maktablariga 500 nafar xorijlik mutaxassislarni jalb qilish maqsadida “Seak teachers”, “Schrolle”, “Teach away”, “ODEPC”, “ISS”, “World teachers”, “Senior ecperts service” (SES) kabi xalqaro rekruting kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazilib, ulardan tijorat takliflari olindi. Hindistonning “ODEPC” tashkiloti bilan shartnoma imzolash jarayonlari davom etmoqda. Shuningdek, xalqaro til sertifikatlarini olish tizimi yo‘lga qo‘yildi va bu orqali yoshlarimizga dunyoning nufuzli universitetlariga yo‘l ochilmoqda.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bugungi kunda chet tilini bilish — bu nafaqat bilim, balki imkoniyatlar eshigidir. Hozirgi qarorlar bizning yoshlarimizga nafaqat zamonaviy bilim olish, balki dunyo miqyosida o‘z o‘rnini topish imkonini bermoqda.
Shu sababli, har birimiz bu islohotlarga befarq bo‘lmasligimiz kerak. O‘qituvchilar, ota-onalar, jamiyat vakillari sifatida biz chet tillarini o‘rganish madaniyatini targ‘ib qilishimiz, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashimiz zarur.
Xulosa qilib aytganda, hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar — bu kelajak sari tashlangan dadil qadamlar, bu bizning farzandlarimiz, Vatanimiz istiqboliga bo‘lgan ishonchimizdir.
Diqqat-e’tiboringiz uchun rahmat!