O‘zDJTU Tarjimonlik fakulteti
Ingliz tili tarjima nazariyasi kafedrasi dotsenti,
filologiya fanlari doktori (DSc)
DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.15260571
Nordic_press journal: https://research.nordicuniversity.org/index.php/nordic/article/view/2375
TILNING INSON HAYOTIDAGI O‘RNI, MADANIYAT VA TAFAKKUR BILAN BOG‘LIQLIGI
O‘zDJTU Tarjimonlik fakulteti
Ingliz tili tarjima nazariyasi kafedrasi dotsenti,
filologiya fanlari doktori (DSc)
Jahon xalqlari tilida olamning lisoniy manzarasini emotsional, modal, ekspressiv, intensiv munosabatlar orqali ifodalashga, ijtimoiy-psixologik holatlarni baholashga, obyektiv haqiqatni tushunish va tushuntirishga xizmat qiluvchi alohida leksik birliklar mavjudki, til – tafakkur – hissiyot kesimida shakllangan bunday alohida so‘zlar emotiv, onomatop va modal so‘zlar deb ataladi. Ularni ingliz va o‘zbek tillari tizimi qiyosida o‘rganish til tizimining sathlariga tegishli tuzilmalarning shakllanishi va pragmatik ifoda xususiyatlarini aniqlash imkonini berishi jihatidan muhim ahamiyat kasb etadi.
Dunyo tilshunosligida alohida so‘z turkumlarining morfologik, fonostilistik, semiotik va stilistik holatlarda namoyon bo‘ladigan pragmatik xususiyatlari, tuzilishining konseptual-kognitiv, derivatsiyasining semantik va sintaktik ko‘rinishlari, kognitiv-pragmatik kategoriyalariga doir tadqiqotlar goh qardosh, goh noqardosh tillar doirasida amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur lisoniy birliklarning ingliz hamda o‘zbek tillaridagi kategorial belgilari va maqomini qiyosiy tadqiq qilish, ularning matn strukturasida bajaradigan vazifalari orasidagi o‘xshashlik va farqlarni ochishga qiziqish kuchayib bormoqda. Alohida so‘z turkumlarining kognitiv sharoitida namoyon bo‘ladigan lingvopragmatik xususiyatlarini bir-biridan uzoq ingliz va o‘zbek tillari doirasida qiyosiy o‘rganish ularning tabiati, lisoniy maqomi, derivatsion-kognitiv, pragmatik xususiyatlari va badiiy asarlar matni doirasida faollashadigan vazifalari, ma’lum ma’noni ifodalash hamda axborot yetkazish borasidagi imkoniyatlarini asoslashga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli dolzarb ilmiy tadqiqotlar qatorida lingvistik izlanishlarning ham ilmiy asoslarini mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. “Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan e’tiborga molik ishlar, xususan, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini izchil rivojlantirish ... davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani...” [1] fanimiz oldiga tadqiqotlarni jahon andozalari darajasiga ko‘tarish majburiyatini qo‘yadi. Bu esa o‘zbek tilshunosligining jahon tilshunosligi bilan aloqadorlikda rivojlanishini ta’minlash, milliy ma’naviyatni yuksaltirish, yosh avlodni dunyo madaniyati durdonalari bilan tanishtirish imkonini beradi. Bu borada lug‘aviy ma’no kasb etmasa-da, semantik xususiyat, morfologik ma’no va shakl, sintaktik hamda stilistik vazifa kasb etishi, yasalishga asos bo‘lishi, otlashishi, grammatik o‘zgarishi jihatidan ajralib turadigan undov, taqlid, modal so‘zlarning til va nutqdagi o‘rnini va rolini ko‘rsatish zarurdir. Bu orqali tilshunoslikda idrokiy-kognitiv model, pragmatik mexanizm va modellar tadqiqini rivojlantirishga erishish mumkin.