BMTning Taraqqiyot dasturi 2023-yil uchun O‘zbekistonda kambag'allik indeksi bo‘yicha qanday natijlarni e'lon qildi?

O‘zbekistonda so‘nggi yigirma yil ichida sezilarli darajada iqtisodiy o‘sish kuzatildi, qashshoqlik darajasi 2000-yildagi 24 foizdan 2020-yilda 11,5 foizgacha pasayib, 2,2 million kishi qashshoqlikdan xalos bo‘ldi. BMTning Taraqqiyot dasturi 2023-yil uchun O‘zbekistonda kambag‘allik indeksi bo‘yicha hisobotini eʼlon qildi. Hisobot tashkilotning rasmiy sahifasiga joylashtirilgan (https://www.undp.org/uzbekistan/publications/uzbekistan-pilot-multidimensional-poverty-index-report-2023).
Geosiyosiy taranglik, mehnat migratsiyasi, energetik inqirozlar va ekologik muammolar qashshoqlikdan xalos bo‘lishga qaratilgan sa’y-harakatlarning murakkabligini oshirdi. Hozirda mamlakatda 4 milliondan ortiq aholi kambag‘allikda yashamoqda, hukumat tomonidan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Hisobotda keltirilishicha, O‘zbekistonda katta yoshdagi aholining taxminan 18,4 foizi (4,2 million nafar fuqaro) kambag‘allik chegarasidan past darajada yashamoqda. Hisobotni tuzishda asos qilib olingan 34 ta indikator shunday xulosaga kelishga imkon bergan.
Kambag‘allik indeksida aholi shart-sharoitining iqtisodiy indikatorlarga muvofiq kelish intensivligi 43,7 foizni tashkil etadi. Yaʼni, o‘rtacha hisoblanganda, katta yoshdagi har bir fuqaro hisobotda keltirilgan ko‘rsatkichlarning kamida uchdan bir qismida keltirilgan imkoniyatlardan foydalana olmaydi.

Taraqqiyot dasturining kambag‘allik indeksi, aslini olganda, aholi ijtimoiy-iqtisodiy holatidan tashqari, fuqarolar tomonidan o‘z huquqlari va ular uchun yaratilgan sharoitlardan foydalana olish imkoniyatini ham nazarda tutadi.Kambag‘allik indeksini tuzib chiqishda, asosan, taʼlim darajasi (13,7 foiz), oziq-ovqat xavfsizligi (11,7 foiz) va norasmiy bandlik (11,5 foiz) sektori haqidagi maʼlumotlar muhim rol o‘ynagan.
Aholi segmentlarining kambag‘allik darajasidan pastda deb belgilanishi uchun asos bo‘lgan kam shart-sharoitli sohalar qatorida sanitariya (14,0 foiz), bank hisobi (13,9 foiz), taʼlim darajasi (13,2 foiz), yoqilg‘i (13,0 foiz) tarmoqlari muammoli mavzular sifatida keltirilgan.BMT hisobotida barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha kambag‘al aholi qatlamining eng katta ulushi Qoraqalpog‘iston Respublikasi (29,9 foiz), Namangan viloyati (27,5 foiz) va Toshkent viloyatida (26,5 foiz) ekanligi qayd etilgan. Aholi daromadlari, ijtimoiy taʼminot olishga imkoniyat, yoqilg‘i resurslari yetishmovchiligi indikatorlariga ko‘ra, ushbu hududlar qolgan viloyatlarga qaraganda bir muncha salbiy natija qayd etgan.
Chekka va qishloq hududlarida reyting juda past. Yirik shaharlarda kambag‘allik indeksi o‘rtacha, 13,9 foizni tashkil etsa, nisbatan olis hududlarda 23,2 foizni tashkil etishi aytilgan.
Hisobotda shuningdek, O‘zbekistonda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi kambag‘allik darajasi tafovutlariga ham eʼtibor qaratilgan. Erkaklarda indeks 21,6 foizni, ayollar o‘rtasida esa 15,2 foizni tashkil etgan.
O‘zbekistonda yakunlangan yildagi kambag‘al aholi reytingi bo‘yicha iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri birinchi o‘rinbosari Akmaljon Ortiqov ham maʼlumot bergan edi. Unda O‘zbekiston aholisining 12-15 foizi yoxud 4-5 million aholi kambag‘allik darajasidan past sharoitda yashashi aytilgan.

Комментарии
* E-mail pochtangiz saytda aks etib turmaydi